Xizmat safari davomida “Marshall Cavendish Education” kompaniyasi va “G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” MCHJ vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilib, tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida hamda Singapur va O‘zbekiston davlatlari ta’lim tizimida bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida o‘zaro ma’lumotlar almashildi.
Singapur ta’limi tizimini isloh qilish va uni rivojlantirishda “Marshall Cavendish Education” kompaniyasining o‘z o‘rni mavjudligi, kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv darsliklari va qo‘llanmalar ta’lim tizimida muntazam foydalanib kelinayotgani, shuningdek, nafaqat Singapur davlatida, balki dunyoning boshqa yetakchi va rivojlanayotgan davlatlarining ta’lim dasturlari va o‘quv darsliklarini tayyorlashda kompaniya hamkorlikda ishlayotganini bildirdi.
Jumladan, bugungi kunda qo‘shni davlatlarimiz Ozarbayjon va Qozog‘iston Respublikalari ta’lim tizimini rivojlantirish hamda o‘quv qo‘llanmalari va darsliklarini ishlab chiqishda qo‘shma hamkorlikda ish olib borilayotganligi bildirildi. Joriy yilda Qozog‘iston Respublikasidan 90 nafarga yaqin o‘qituvchi Singapur shahrida malaka oshirish kurslarida bo‘lib, Singapur ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘lgan.
Uchrashuv davomida “Marshall Cavendish Education” kompaniyasining noshirlik faoliyati bilan, shuningdek, kompaniyaning Singapur shahridagi nashriyot bo‘limi va chop etish sexi, Malayziyaning Kuala Lumpur shahridagi kitob chop etish sexiga tashrif buyurdik va ularning faoliyatlari bilan yaqindan tanishdik.


Uchrashuv yakunida “Marshall Cavendish Education” kompaniyasi va “G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” MCHJ o‘rtasida kelgusida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi va tashkilotlar o‘rtasida Anglashuv Memorandumi (MoU) imzolandi.

Mazkur Anglashuv Memorandumi asosida “Marshall Cavendish Education” kompaniyasining jahon miqyosidagi tajribasi va yuqori sifatli ta’lim kontentlari bizning keng ishlab chiqarish salohiyatimiz, chuqur mahalliy bozor bilimimiz va davlat darajasidagi ta’lim loyihalarini amalga oshirish tajribamiz bilan birlashganda, o‘zbek o‘quvchilari uchun haqiqatan ham zamonaviy va samarali o‘quv materiallarini yaratish imkonini beradi. Biz ushbu hamkorlikni ikki tomonlama manfaatli va uzoq muddatli strategik sheriklikning mustahkam poydevori deb hisoblaymiz.

Ushbu hamkorlik O‘zbekiston ta’lim tizimi sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga va ikki nashriyot-matbaa o‘rtasida ko‘p yillik do‘stona va samarali munosabatlarning boshlanishi bo‘lishiga umid qilamiz.




