Aziz hamkasblar!
1993-yildan buyon har yili 27-iyun O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasi ham barchangizni ushbu ajoyib bayram bilan samimiy tabriklaydi. El-yurtimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan qizg‘in va ijodiy ishlaringizda ulkan zafarlar, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va omadlar tilab qoladi.
Noshirlar va matbaa xodimlarining ishi nihoyatda murakkab va mas’uliyatli ekanligini yaxshi bilamiz, mana shu halol mehnatingizning rohatini oilangiz, yaqinlaringiz bilan ko‘rib yurishlik nasib qilsin.
Xabaringiz bor, kuni kecha “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning soha vakillariga yo‘llagan tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Ushbu tabrikda yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha vakillariga orden va medullar topshirildi.
Mana shu sovrindorlar orasida hamkasbimiz – G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi chop etish sexining 4-razryadli yassi usulda chop etuvchisi Mir-Artikov Nuriddin Mahkamovichning borligi barchamizga yuksak faxr va iftixor bag‘ishlaydi.








