Nashriyot haqida

G‘AFUR G‘ULOM NOMIDAGI NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi davlat korxonasi bo‘lib, “O‘zdavnashr”ning adabiy-badiiy bo‘limi negizida 1957 yilda Adabiyot va san’at nashriyoti, 1964 – 1966 yillarda “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyoti, 1966 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti nomlari bilan faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasining 2002 yil 10 apreldagi 30-sonli buyrug‘iga binoan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, “Yozuvchi” hamda Rangli bosma fabrikasi negizida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi deb nomlandi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining buyruq hamda farmoyishlari, shuningdek, o‘z Nizomi asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Asosiy faoliyati yuqori sifatli, mazmunan boy, g‘oyaviy baquvvat, har bir davr uchun xizmat qiluvchi badiiy jihatdan yuksak adabiyotlar va bosma mahsulotlarni yaratish va chop etish, o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdan iborat bo‘lgan mazkur ijodiy uy, ayniqsa, mustaqillik davrida o‘zbek va jahon adabiyotida voqeaga aylangan ko‘plab adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy, tarixiy, ilmiy-ma’rifiy mavzudagi asarlarni, umumta’lim maktab o‘quvchilari, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarni nashr etib kelmoqdaki, bu allaqachon shu soha mutaxassislari, adabiyotshunoslar va keng kitobxonlar ommasining e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ijodiy uy qat’iy reja asosida faoliyat yuritadi. Shundan kelib chiqib, ijodiy jamoa har yili ma’naviy-ma’rifiy, milliy qadriyatlarimiz ruhini o‘zida mujassam etgan rang-barang mavzularga e’tibor qaratadi, o‘quvchilar talab-istaklaridan kelib chiqib, mazmunan saviyasi yuqori bo‘lgan kitoblarni nashr etishni rejalashtiradi va bu rejada badiiy adabiyotning barcha janrlari o‘z ifodasini topishi, shubhasiz.

Agar biz nashriyot tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan yillar davomida dunyo yuzini ko‘rgan kitoblarni sanab sanog‘iga yetish qiyin. O‘zbekistonda adabiyot va san’atga doir sara asar borki, nashrga tayyorlanib chop etilgan, desak mubolag‘a bo‘lmas. Bu kitoblar soni bilan emas, sifati va salmog‘i bilan ham kitobxonlarni o‘ziga jalb etib keladi. Ijodiy uyida Alisher Navoiy, Firdavsiy, Mashrab, Bedil, Bobur, Nodira, Uvaysiy, Furqat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Primqul Qodirov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Ali, jahon adabiyotining atoqli namoyandalari Lev Tolstoy, Stendal’, Gi de Mopassan, Jek London, S.Sveyg, Artur Konan Doyl, Robenranat Tagor, Ernest Xeminguey, Nodar Dumbadze, Shirvonzoda, Aziz Nesin, Chingiz Aytmatov, Abay kabi ko‘plab mashhur ijodkorlarning asarlari chop etilgan.

Ayniqsa, mustaqillik yillarida ijodiy uy uchun sermahsul va barakali yillar bo‘ldi. Ta’kidlab o‘tish joizki, ishlab chiqarish hajmi bilan birga matbaa mahsulotlari sifati ham oshdi. 2006 yilda 2,2 milliard so‘mlik kitob va matbaa mahsuloti ishlab chiqargan korxona 2018 yilda bu ko‘rsatkichni 28,0 milliard so‘mga yetkazdi. Ijodiy uyida 2017 yilda chop etilgan adabiyotlar hajmi 1 085,55 bosma toboqni, adadi 22 556 433 nusxaga yetdi. Ijodiy uyida chop etilgan she’riyat sultoni Mir Alisher Navoiyning o‘n jildlik “To‘la asarlar to‘plami”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘oti-t-turk”, Gomerning “Odisseya”, malik ul-kalom Lutfiyning “Devon”i, taniqli alloma Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”, “Buxoro”, “Namangan”, “O‘zbekiston”, arabcha-o‘zbekcha “Al-Qomus” lug‘ati, “Amir Temur chet elliklar nigohida”, yuz jildli “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari”, 44 kitobdan iborat “Maktab adabiyoti xrestomatiyasi”, “Saodat yo‘li” kitob-al’bomlari kabi sara asarlar o‘quvchilar ommasi e’tiboriga tushdi.

Ijodiy uyining zamonaviy dizayn studiyasida matn terish, suratlarni skanerlashdan tortib tayyor diopozitivlarni tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonlar amalga oshiriladi. Korxonada Germaniyaning “Xeydel’berg” 4 buyokli PRINT MASTER-74, SD-102-4 rusumli, Yaponiyaning Rayobi 784 ER (S) rusumli ofset bosma mashinasi, Turkiyaning MAKINA 1250 rusumli qog‘oz kesish, kunida 12 bosqichli list ajratuvchi mashina, BNSh-6A – ipli tikuv mashinasi, kitob bloklariga ishlov beruvchi Shveysariyada ishlab chiqarilgan Perfecta TRIM SNAR 80 rusumli uch yoqlama kesuv mashinasi, kitob taxlovchi VShRa-750 va PONI-5, kitob muqovasini qobig‘iga tikmasdan, termo kley asosida yopishtiradigan Yaponiyaning HOROIZON-BOOK Binder BQ-460, Germaniyaning EVROBIND 600 HM mashinalari ishlab turibdi.