Yur, muhabbat
Yangiliklar

Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan

O‘zimni qushdek yengil his qilardim. Botayotgan quyoshning so‘nggi nurlariga qishi bilan sog‘inib chiqqanimiz – oftobning iliqligi enib, u yuzimga tekkani sari qandaydir mehrga o‘xshash bir taftni his qilardim. Asta oyna yoniga bordim va deraza raxiga tayangancha tashqaridagi ko‘klamning ovoziga quloq tutdim. Shu damda olis-olisdan bir kuy sasi kela boshladi. Bu kuy mening qalbimga shu qadar singib ketgan ediki, xuddi mening ichimdan chiqayotgandek. Bu navo bundan anchagina vaqt oldin bo‘lib o‘tgan, yurakning tub-tubida yotgan bir xotirani uyg‘otib yubordi.

Behzod Biybolaev
YuR, MUHABBAT, KETDIK BU YeRDAN

Behzod Biybolaev 1986 yilning 10 noyabrida Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi Uyas mahallasida tug‘ilgan. 2007 yil Bekobod texnika iqtisodiyot kasb-hunar kollejini tamomlagan. 2009-2013 yillarda Toshkent Moliya institutining moliya-iqtisod fakultetida tahsil olgan. Hozirda turli davriy nashrlar bilan hamkorlik qiladi. She’rlari markaziy nashrlarda chop etilgan. «Ishq vasfi» nomli ik she’riy to‘plami nashr etilgan.

Dam olish kuni kechgacha uyda bo‘lib, anchadan beri ortga surilib kelayotgan ishlarimni tartibga soldim. Kamtargina ijodxonaning kunbotar tarafidagi derazasi qiya ochiq, undan endigina kirib kelgan bahorning yengil-engil nafas olishlari eshitilib turardi. Biroz oldin oppoq bulutlardan yog‘ib o‘tgan yomg‘irning isi xonani tutgan, bu yomg‘ir go‘yo mening ruhimga yog‘ib, undagi bor tashvish va dardlarimni o‘zi bilan yuvib ketgandek edi. Ayni damda o‘zimni qushdek yengil his qilardim. Botayotgan quyoshning so‘nggi nurlariga qishi bilan sog‘inib chiqqanimiz – oftobning iliqligi enib, u yuzimga tekkani sari qandaydir mehrga o‘xshash bir taftni his qilardim. Asta oyna yoniga bordim va deraza raxiga tayangancha tashqaridagi ko‘klamning ovoziga quloq tutdim. Shu damda olis-olisdan bir kuy sasi kela boshladi. Bu kuy mening qalbimga shu qadar singib ketgan ediki, xuddi mening ichimdan chiqayotgandek. Bu navo bundan anchagina vaqt oldin bo‘lib o‘tgan, yurakning tub-tubida yotgan bir xotirani uyg‘otib yubordi.


…U auditoriyaga kirib kelgan kuni men allaqachon yigirma besh yoshni urib qo‘ygan, qo‘shni qizlarning mish-mish gaplari bilan aytganda “ancha-muncha narsalarni ko‘rib, ichidan qarib ketgan” yigit edim. U esa endigina o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshga kirgan, bo‘yi mendan ham baland ukamning ta’biri bilan aytganda: “qibla tarafdan shabada essa ham yiqilib tushadigan darajada” nozik edi.
Guruhdoshlarim ichida yoshim katta bo‘lganligi uchun auditoriyaning “to‘ri”, ya’ni eng orqa tarafi hamisha kaminaga tegishli bo‘lar, bu esa, ba’zida darsning qoq yarmida uyquni tortib yuborish uchun-da qulay edi.

Xullas, u biroz jilmaygan ko‘yi bir-bir qadam bosib xona o‘rtasigacha keldi-da, bo‘sh joy qidirganday bir zum taraddudlandi. Yonimdagi bo‘sh joyni ko‘rib, qimtinibgina, yerga tikilgancha men tomonga yura boshladi. Guruhimizda ungacha o‘ttiz yigit va bir qiz o‘qirdik. O‘sha kuni yolg‘izgina erka qizimiz ham darsga kelmagan, qush bozoriga o‘xshab, qiy-chuv qilib o‘tirgan bolalar u kirib kelishi bilan negadir g‘ayritabiiy bir tarzda tinchigan, bundan ham qizig‘i, xonaga birorta begona qiz adashib yoki dekanatning ishi bilan kirib qolgan mahallarda boshlanib ketadigan hushtakbozligu qarsakbozliklar bu safar birdan hammaning esidan chiqib qolgandek edi. U asta qadam bosib kelar ekan, qadamlarining “taq-tuq” tovushi xona bo‘ylab aks-sado berardi.

Shu paytgacha qancha qizlarning qo‘lidan ushlab, qulog‘iga she’r shivirlab yurgan bo‘lsam-da, biror marta bu qadar qattiq hayajonga tushmagan edim. Uning men tarafga kelayotganligining o‘ziyoq, ich-ichimdan qandaydir bir to‘lqinni uyg‘otdi… Beixtiyor parta ustida betartib sochilib yotgan kitob va daftarlarimni yig‘ishtirib, unga joy ocha boshladim. U esa hamon men tarafga kelardi: taq-tuq, taq-tuq…
U xuddi quyoshga o‘xshardi. Biz – butun auditoriya – kungaboqarday burilib, undan ko‘z uzolmasdik. Bir tekis, o‘lchanganday tashlanayotgan qadamlar: taq-tuq, taq-tuq….
Va nihoyat u men o‘tirgan partaga juda yaqin keldi. Men esa, bu paytda u mening yonimga o‘tirishiga butkul ishongan, men tarafga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yayotgan guruhdoshlarimga g‘olibona bir nazar bilan – labimning bir chetini sal uchirgancha, kulib turardim…

U yetib keldi-yu o‘ylab ham ko‘rmasdan shart burilib, narigi qatordagi bo‘sh joylardan biriga borib o‘tirdi. Xonaga og‘ir sukunat cho‘kib, sukunat yanada sukunatlashganday bo‘ldi. Hech kimdan ovoz chiqmas, hamma ustimdan jimgina kulayotgandek edi. O‘zining qitmirligi va sho‘xligi bilan guruhda otning qashqasidek bo‘lib qolgan qashqadaryolik kursdoshim Jasur sekingina, lekin hamma eshitarli qilib “Imm…” dedi-yu, “shilq” etib parta ustiga yiqildi. Keyin yana bir andijonlik jo‘ramiz esa ming‘irlab she’r o‘qiy boshladi:

Oy yuzidan nur yog‘ar sim-sim,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…

Men esa ayni damda o‘zimni tahqirlangandek his qilar ekanman, dam daftarni, dam kitobni sababsiz, asabiy varaqlardim. Shu lahzalarda ongu shuurimning ich-ichidan, qandaydir o‘zim ham bilmagan joylardan, yurakning hali xayol yetib bormagan burchaklaridan hazin bir kuy, kuy-ki odamni jang oldidan ruhlantirishga qodir, navo-ki, unda insonni chek-chegarasiz olamni bosib o‘tishga yetadigan qudrat bag‘ishlovchi kuch bordek edi. Bu ko‘ngil kuyining ohangdan men faqat bir narsanigina ilg‘ashga ulgurdim: “Albatta uning muhabbatini qozonishim kerak!” Qolganlarini anglashga menda fursat va tafakkur yetmadi, chog‘i. Zero, shuning o‘zi ham menga bir olam ishonch baxsh etgan edi.
Bu paytda auditoriya ham asta-sekin o‘zining eski holatiga qayta boshlagan, hamma o‘z ishini qolgan joyidan davom ettirishga tushib ketgan edi: kimdir kimgadir latifa aytar, yana kimdir sherigining telefonidagi suratlarni tomosha qilishga tushib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, u hamon hammaning diqqat markazida edi. Bolalar tez-tez unga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yar, u qayoqqa qarayotganligini bilmoqchi bo‘layotgandek, zimdan kuzatishardi. U esa beparvo, faqat ba’zan derazadan tashqariga ko‘z tashlar ekan, boshqalar ham unga taqlid qilgandek o‘sha tarafga qarab qo‘yishardi. Lekin birorta talaba uning oldidagi bo‘sh joyga borib o‘tirishga jur’at topa olmasdi. Shu mahal eshik shahd bilan ochilib, kechikkan domla xonaga kirib keldi va hamma birdan oyoqqa qalqdi. Uch-to‘rt kishi boshlagan “As-salomu a-ley-kum” so‘zlarini butun auditoriya jo‘r bo‘lib tugatdik. Shundan keyin xonani portfellarning “qars-qurs”lari-yu kitoblarning “tap-tup” ovozlari tutib ketdi – hamma darsga tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Mening xayolimda hamon uning “taq-tuq, taq-tuq” qadam tovushlari-yu, shoirning she’ri aks-sado berib turardi:

Shirin tushlar ko‘rsin sevgilim,
Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…

Darslar tugab, hamma uy-uyiga tarqalish harakatiga tushganda, atrofni kuni bo‘yi shahar xiyobonlaridagi daraxtzorlar ichida mudrab o‘tirgan qorong‘ulik bosib kela boshlagan, biroz oldin yog‘ib o‘tgan bahor yomg‘iri yo‘laklarni ham yangi kelin suv sepib, supurganday qilib qo‘ygan edi. U bilan oliygoh qopqasidan izma-iz chiqib borar paytimizda havodan ham qishning zahri ketgan, bahorning yoqimli shabadasi endigina sharflardan holi bo‘lgan yoqalardan kirib, etni huzurbaxsh junjiktirayotgan, kech tushishi bilan xiralashgan osmondagi bulutlar qo‘ng‘ir-qora tusga kirib turgan bir mahal edi.
Ketma-ket ketib boryapmiz-u, xayolan unga nima deyish haqida o‘ylayman. Aksiga olib kallamga ham biror tuzukrok fikr kelmayotgan edi. Nihoyat bir chuqur nafas oldim-da, ketidan yetib olib:
— Salom! Endi bizning guruhimizda o‘qiysizmi? — dedim.

Shunday dedim-u, ovozimdan o‘zim uyalib ketdim. Ovozim juda past, buning ustiga bemorlarnikiga o‘xshab xirillab chiqqan edi.
Tabiiyki, u gapimga tushunmadi va menga “yalt” etib qaradi. Keyin jilmaygancha:
— Kechirasiz, nimadir dedingizmi? — dedi.
— Salom, degandim. Keyin, endi bizning guruhda o‘qiysizmi, deb so‘radim, — dedim bu safar tetikroq tovushda.
— Hm-m, — dedi u. Keyin jilmaygan kuyi davom etdi: — Men bo‘lsam, o‘zingizga o‘zingiz gapiryapsizmi, deb o‘ylabman.
— Savolimga javob bermadingiz?
— Javob berishim shartmi?
— Ha endi… balki, bundan keyin kursdoshmizmi, deyman-da.
— Bo‘lishi mumkin….

Suhbatimiz u qadar qovushmadi. U esa hamon xiyol jilmaygan kuyi, yerdan ko‘zlarini uzmagan holda men bilan yonma-yon ketib borardi. Uning birgina shu tabassumi ham shu qadar chiroyli ediki, u yo‘lak bo‘yidagi endigina bosh ko‘targan maysalar bilan yaxlit bir manzarani kasb etardi. Biz bu mahalda bekatga yaqin kelib qolgandik.
— Kechirasiz, ismingiz nima? Odatda guruhga yangi kelganlarni tanishtirishardi. Siz bilan esa birorta domla kelib, tanishtirmadi ham, — dedim. Bu paytga kelib ichimda potirlayotgan hayajon bosilmagan bo‘lsa-da, o‘zim anchagina dadillashib qolgan edim. U menga taftishchi nigohlari bilan qarab turdi-da:
— Sizni faqat shu qiziqtiradimi? — dedi kulimsirab.