Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima Kengashining hisobot yig‘ilishida tarjima va adabiyot sohasinig taniqli olimlari, o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etishdi. Yig‘ilishni Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq yozuvchisi Muhammad Ali ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda ijodkorlar, xususan tarjimonlar oldiga katta vazifa turganini ta’kidlab o‘tdi va o‘tgan 2016 yilda Xalqaro adabiy aloqalar va badiiy tarjima Kengashi o‘z oldiga qo‘ygan qator vazifalarni samarali darajada amalga oshirganini aytib o‘tdi.
– Til mustaqilligini saqlovchi vositalarning biri tarjimadir, — dedi adib. — Boshqa madaniyatga mansub asar tarjima yo‘li bilan milliy madaniyatimiz qatlamiga singadi. Shuningdek, milliy adabiyotimizning noyob durdonalarini xorijiy tillarga tarjimasini amalga oshirish — doimiy dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shundan so‘ng yig‘ilishni badiiy tarjima kengashining raisi, shoir Mirpo‘lat Mirzo davom ettirdi. U o‘z so‘zida o‘tgan yil davomida bajarilgan ishlarning qisqacha tafsilotini aytib o‘tdi. Xususan, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Shekspirning G‘afur G‘ulom tarjimasidagi “Otello”si, Gyotening Erkin Vohidov tarjimasidagi “Faust”i, Pushkinning Oybek tarjimasidagi “Yevgeniy Onegin”i, Homerning Qodir Mirmuhamedov tarjimasidagi “Odissiya”sini kitobxonlarga tuhfa etdi. Boshqa nashriyotlarda ham bu yo‘nalishda salmoqli ishlar qilindi. Masalan, Maxtumqulining Muzaffar Ahmad tarjimasidagi “Sevmisham seni”, mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovning Asror Mo‘min tarjimasidagi “Ayollar ko‘p, ona yagona” kitoblari shular jumlasidan.
Bir qancha adiblarimizning asarlari xorijiy tillarga tarjima qilindi.
Hisobot yig‘ilishida she’riy tarjimalar haqida shoira Oygul Suyundikova, nasriy tarjimalar bo‘yicha shoir Muzaffar Ahmad, tarjima ishining ilmiy-nazariy masalalari haqida professor Xurram Rahimovlarning chuqur tahliliy ma’ruzalari tinglandi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Gulnoza Odilova, nashriyotlarda chop etiladigan asarlarning ma’lum qismini tarjima asarlari bo‘lishi belgilab qo‘yish haqidagi taklifi qizg‘in muhokama qilindi.
Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi mas’ul kotibi Adhambek Alimbekovning uyushmada amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisoboti majlis qatnashchilari tomonidan ma’qullandi. O‘tgan yili Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop ettirilgan yigirma nomdagi, jami 500 dan ortiq kitoblar Qozog‘istondagi o‘zbek madaniy markaziga beg‘araz sovg‘a qilindi. Joriy yilda ana shunday tadbirlarni yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barisi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro adabiy aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi hamda Badiiy tarjima kengashi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida muntazam izlanishda ekanligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, hisobot yig‘ilishida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti Jumali Shabonov, taniqli adabiyotshunos olimlar — Suvon Meli, Shavkat Karimov, Ortiqboy Abdullayev va boshqalarning fikr-mulohazalari tinglandi. 2016 yilda bir qancha tarjimaga oid ishlar qilingan bo‘lishiga qaramay ba’zi kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan tanqidiy fikrlar aytildi. Xususan tarjima – ikki hissa ijodiy jarayon ekanligini, she’riyatni tarjima qilish uchun tarjimonda ham shoirlik layoqati bo‘lishi zarurligini, yosh tarjimonlarga tajribali ijodkorlar yo‘l ko‘rsatishlari zarurligini, bugungi kunda amaliy tarjima nazariyotdan ancha ildamlab ketayotganligini, qilingan tarjimalar haqida tarjimashunos olimlar tomonidan matbuotda maqolalar juda kam berilayotgani, tarjima nazariyasiga oid adabiyotlar yetishmasligi, bu haqda professor va dotsent-o‘qituvchilar yetarlicha adabiyotlar yozmayotganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga tarjimaga oid jurnallar ishidagi kamchiliklar va amalga oshirish kerak bo‘lgan vazifalar aytib o‘tildi. Hisobot yig‘ilishi qizg‘in suhbat va muzokaralarga boy bo‘ldi.
SOG‘LOM MA’NAVIYAT — SOG‘LOM AVLOD
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, farzandlarimizning kitobga mehrini oshirish, ularni milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalaridan bahramand etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Bolalar adabiyoti ijodiy kengashining o‘tgan 2016 yil uchun hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni Yozuvchilar uyushmasi Bolalar adabiyoti kengashining raisi, yozuvchi Ashurali Jo‘rayev olib bordi. Tadbirda bolalar adabiyoti yo‘nalishida hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar hamda bugun adiblar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Sevinch Yoqubova o‘tgan yilda bolalar adabiyoti yo‘nalishida nashr etilgan kitoblar haqida tahliliy ma’ruza qildi. O‘tgan yili Sharifa Salimovaning “Hayvonot olamiga sayohat”, Dilshod Rajabning “Baxshi bola — yaxshi bola”, Nabijon Ermatning “100 topishmoq va tezaytishlar”, Nabijon Qodirovning “Do‘ppi kiygan bolalar”, Faxriddin Hayitning “Shokoladli tush”, Nurulloh Ostonning “Chuchmomaga xat” kabi kitoblari yosh kitobxonlar qo‘liga tegdi. Ammo bular o‘tgan yil yakunlari va joriy yil boshidagi mavjud ahvolni e’tiborga olganda, jamiyatning muttasil ortib borayotgan ehtiyojlari oldida juda oz.
– Bolalar uchun yozuvchi adib ikki karra ijodkor bo‘lishi zarur, – deydi atoqli adib, Xalq shoiri Anvar Obidjon. – Shuning uchun bolalar adabiyotiga yiliga bir-ikki nafar ijodkor kirib kelsa ham adabiyotimiz uchun quvonchli voqea sanaladi.
Yig‘ilishda shuningdek, Muhayyo To‘laganovaning 2016 yilda chop etilgan bolalar uchun nasriy asarlar haqidagi, Muhabbat Hamidovaning bolalar uchun mo‘ljallangan nashrlar faoliyati haqidagi tahliliy ma’ruzalari tinglandi.
Davra suhbatida buyuk allomalar, sarkarda va mutafakkir ajdodlarimiz haqida hikoya qiluvchi bolalarbop asarlar yaratish — adiblarimiz oldidagi bugungi eng dolzarb vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Xalqimiz ruhiyati, ulug‘ligi va donishmandligi aks etgan bolalar adabiyotiga bugun ehtiyoj katta. Afsuski, buyuk tarixiy shaxslar haqida bolalar uchun ajoyib asarlar yozgan Mirkarim Osim izdoshlari bugun ko‘p emas. Ba’zan darslik uchun asar topilmaganda, xalq rivoyatlariga murojaat qilishga to‘g‘ri kelmoqda.
Bolalar adiblari mehnatini munosib rag‘batlantirish, ular ijodini targ‘ib etish masalasi ham bugun dolzarb ishlardan sanaladi.
Davra suhbatida shuningdek, bolalar adabiyotini arzon va sifatli nashr etish, yoshlar shijoati bilan ustozlar mahoratini payvasta qilish masalalari to‘g‘risida ijodkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
DRAMATURGIYA — SAN’AT GULTOJI
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Dramaturgiya kengashining o‘tgan 2016 yil yakunlari va joriy yil rejalariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengash hisobot yig‘ilishini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Dramaturgiya kengashi raisi Shuhrat Rizayev qisqacha kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi. Yig‘ilishda dramaturglar, teatr va kino mutaxassislari hamda yosh ijodkor talabalar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari nomzodi Nigora Karimovaning hisobot davrida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan badiiy filmlar xususida”, ushbu institut kichik ilmiy xodimi Hafiza Niyozovaning “Tijoriy filmlarning yutuq va kamchiliklari”, san’atshunoslik fanlari nomzodi Omonulla Rizayevning “O‘zbekiston teatr san’ati: dramaturgiyadagi ijodiy izlanishlar va ularning sahnaviy talqinlari 2016 yil misolida” nomli tahliliy ma’ruzalari tinglandi.
Hisobot davrida O‘zbekiston tetar va kino san’atida muayyan siljishlar, izlanishlar ro‘y bergani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan yil davomida yurtimizdagi 37 ta teatrda 152 ta yangi spektakllar sahna yuzini ko‘rdi. Davlat mablag‘lari hisobidan 7 ta to‘liq metrajli badiiy film, 12 ta “Zumrasha” kinojurnali, 30 ta hujjatli, 3 ta multfilm va xususiy studiyalar tomonidan 30 ta film suratga olindi. Bu filmlarning aksariyatida zamonamizning dolzarb mavzulari aks etgan. Ayniqsa, hozirda butun dunyodagi sog‘lom kuchlarni tashvishga solayotgan terrorizm, diniy aqidaparastlik, odam savdosi, muhojirlik, noqonuniy xatti-harakatlar, ma’naviy va maishiy buzuqlik, “ommaviy madaniyat(sizlik)”, ma’naviy tubanlik kabi qator jiddiy masalalar o‘ziga xos ko‘rinishlarda namoyon bo‘layotganini aks ettirgan qator sahna va kino asarlari yaratildi.
Ma’ruzalardan so‘ng sohada erishilgan yutuqlar va mavjud muammolar haqida qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi. O‘zbekiston san’at arbobi, rejissyor Jo‘ra Mahmudov, taniqli adib va munaqqid Nazar Eshonqul, Hayitmat Rasul va boshqalarning fikr-mulohazalari tinglandi. Mashhur rus tanqidchisi V.Belinskiyning “Dramaturgiya san’at gultojidir” degan iborasi bor. Bundan qariyb 200 yil muqaddam aytilgan bu ta’rif bugungi kunda ham o‘z kuchini yo‘qotmagani hisobot yig‘ilishidagi qizg‘in bahslarda yana bir bor isbotlandi, deyish mumkin.