Новости

НЕМНОГО ВРЕМЕНИ

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1994).
Dastlabki she’riy to‘plami — «Yuragimda ko‘rganlarim» (1981).
Shundan so‘ng shoiraning «Uzun kunduzlar» (1984),
«Uyg‘onish fasli» (1989), «Ozodlik»,
«Ko‘ksimdagi Tangritog‘» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
«Tohirning Zuhrosi» nomli dramatik asar ham yozgan. L. Ukrainka,
M. Svetaeva kabi shoirlarning asarlarini
o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
«Shuhrat» medali sohibasi (1999).

Jon so‘zni
Shu uyning ustida turgan bayroqni
yog‘och tutqichidan ohista yechib
o‘zimning qo‘limga o‘rnatgim kelar.
Xumoqush o‘tirgan tug‘romizni ham
mixlangan taxtadan asta ajratib,
yuragim ustiga o‘rnatgim kelar.
Ozodlik degan shu bebaho so‘zni
devordan beozor ko‘chirib olib
yashirib qo‘ysaydim ko‘ngil uyiga.
Mumgardish ichiga kirgim keladi.
Har harfin, har tovshir madhiyamizning
sodiq askar kabi qo‘rib o‘tirsam
yomon qarashlardan, yomon ko‘zlardan.
Men badbin emasman,
shubhachi emas.
Faqat kutib-kutib topganimizni,
Faqat qonlar yutib topganimizni
Mana bu Yog‘ochmi, Taxtami, Devor –
Mumgardish – bir lahza g‘aflatda qolib
oldirib qo‘ymasa deya qo‘rqaman.
Men ushoq bo‘lsam-da,
Ayol bo‘lsam-da
O‘zimda turgani ishonchliroqday.

Vatan
“O‘zbekiston” deya shivirlaganda
O‘zingning ovozing o‘pging kelarmi,
silaging kelarmi tovushlaringni
onangning yuzini silagan kabi,
bolangning yuzini silagan kabi.
Xorijiy bir yurtdan safardan qaytib
o‘zbekcha gapira boshlasang nogoh
tushovini uzgan tulporlar kabi
o‘ynoqlab ketarmi tushunchalaring?
Yo Haqdan shifosin topgan gung kabi
maqtanging kelarmi tinmay gapirib,
tilingning qaytadan ochilganini?
Yolg‘iz qolganingda, ma’yus chog‘ingda
O‘zingdek qorako‘z kelsa yoningga
qalbingda bir qudrat tiriladimi?
O‘zingni bir emas, yarim ko‘ngilmas,
ikki deb, butun deb his etasanmi?
Yashagan umringda shu tuyg‘ularni
loaqal bir marta kechirgan bo‘lsang,
sen mutloq kichkina odam emasssan.
Ishonchli askarsan. Ishonchli qo‘shin.


Xalqimga
Yulduz so‘kmay darvozasin keng ochib,
Farishtalar yo‘llarini supurgan.
Non uvog‘in qumri qushlarga sochib,
Nafasidan gul ifori ufurgan.
Zarif ko‘ngil chamandorim siz mani
Ko‘ngli kamga havandorim siz mani.
Yelkasiga bolasini mindirib,
Bir quvonchga bittadan to‘y to‘ylagan.
Ichi kuysa, qoratolni sindirib,
Hushtak yasab, “Cho‘li iroq” kuylagan.
Goh sozchi, goh qalamdorim siz mani,
Mashrab fe’lli qalandarim siz mani.
Ichga yutar chekib yurgan ranjini,
Baxtin aytib, boshqasini aytmaydi.
Qora tuproq tilib topar ganjini,
Qora mehnat qoraytsada qaytmaydi.
Zahmat bilan olamdorim siz mani,
O‘tdan chiqqan samandarim siz mani.
Sevib boqsam, faqat chiroy ko‘rinar,
Hammangizga, ko‘ztumorim siz mani.
O‘zimniki o‘zimga oy ko‘rinar,
So‘ztumorim, o‘ztumorim siz mani…
O‘tdan chiqqan samandarim siz mani