Og‘zim achitqon dam-badam ul la’li shakkarxand erur,
Vah-vah, tuz ermish ulki, men qildim gumonkim, qand erur.
O‘tsang g‘amim sahrosidin, qonlig‘ ko‘ngul ajzosidin,
Har lola bargin anglakim, bir dog‘lig‘ parkand erur.
Ko‘yungda munglug‘ jong‘a tan, yuz zaxm iladur xirqae
Marham bila qo‘yg‘an mamuq har yon anga payvand erur.
Majnun ko‘ngul qilmas havo har yon o‘qungdin go‘yiyo
Kim, bu temur birla yig‘ach habsig‘a oning band erur.
Boqqach quyosh ruxsorig‘a andin qilurmen ko‘z yoshi
Kim, ul musofir oyima husn ichra bas monand erur.
G‘am barqiyu mehnat tuni zoyanda bo‘lsa ishqdin
Tong yo‘qki, o‘tqa gah sharar, gohi tutun farzand erur.
Dunyo arusi zulfini tutqan ne ogah faqrdin,
Ganj istamas ulkim, yilon tutmoq bila xursand erur.
Ming nola tortib ko‘rmay ul gul vaslin oxir o‘lganim,
Bu bog‘ning bulbullari gar bilsalar, xush pand erur.
Ko‘z uchi birla boqtingu qiyding Navoiy ko‘nglini,
Bilding anikim, bir qiyo boqmoqqa hojatmand erur.
Lug‘at:
Ajzo – parchalar, bo‘laklar.
Parkand – parcha, bo‘lak.
Ko‘y – yo‘l, ko‘cha.
Munglug‘ – g‘amgin, anduhli.
Xirqa – darveshlarning junli seryamoq kiyimi.
Mamuq – paxta, momiq.
Payvand – bog‘langan.
Zoyanda – farzand.
Tong yo‘q – ajabmas.
Sharar – uchqun, alanga.
Ogah – ogoh, xabardor.
Ganj – xazina.
Pand – nasihat, o‘git.
Baytlarning nasriy bayoni:
Uning tabassum qilib so‘zlashadigan la’li labidan og‘zim ta’mi achchiq bo‘lib qoldi. Vah-vah, men qand deb gumon qilgan narsa tuz bo‘lib chiqdi.
Agar g‘amim sahrosidan o‘tsang, mening pora-pora bo‘lgan ko‘nglimdan har tomonda lolalar ochilganini ko‘rasan.
Sening ko‘yingda g‘ussaga to‘la jonimni asrayotgan yarador jismim darveshlarning xirqasiga o‘xshab qolibdi, negaki malham bilan qo‘yilgan momiqlar unga yopishib qolgan.
Sening o‘qingdan devona ko‘nglim havoga ucholmaydi, bu o‘qlar unga qafas kabi har tomondan band solib turibdi.
Quyosh yuziga boqib ko‘z yoshi to‘kishimga sabab – u ham safardagi oy yuzli yorim chehrasiga juda o‘xshaydi.
Ishqdan g‘am barqi va mashaqqat tuni hosil bo‘lsa, ajabmas, negaki olovdan ham gohi tutun, gohida uchqun hosil bo‘ladi.
Kelinlardek yasangan dunyoning sochidan mahkam ushlagan kishi faqr davlatidan ogoh emas – ilon ovidan xursand kishi hech qachon xazina istamaydi.
Tinmay fig‘on chekib, gulimning vaslini ko‘rmay o‘lganimni chaman bulbullari bilsalar, ularga yaxshi saboq bo‘lardi.
Ko‘z uchi bilan bir nazar solib, Navoiy ko‘nglini asir etding. Sening bir qiyo boqishingga muhtoj ekanligini qaerdan bilding?!
G‘azalning umumiy mazmun-mohiyati:
“Haqiqat asrorini majoz yo‘sinida ko‘rguzmoq” tavrida yozilgan ushbu g‘azalning matla’idan talab yo‘lidagi oshiqning ruhiy ahvoli tasviri boshlanadi. Oshiqning og‘zi achchiq bo‘lib qolishi – o‘lim talvasasiga tushganining badiiy ifodasi. Uning bunday ahvoliga tushganiga sabab – Yorning shakarxandasi, tabassumi. Ammo bu shirin tabassum qandday jonga halovat beruvchi emas, balki tuzli, totli. Tuz og‘izni achitgani kabi jononning tuzli – malohatli tabassumi ham oshiq jonini ming sho‘rish va iztirobga soladi. Lolaqizg‘aldoqlarning bahor yellaridan yer uzra sochilib yotishi g‘ussalar sahrosidagi Majnunvash oshiqning pora-pora bo‘lgan ko‘nglidan nishonadir. Oshiqning jismu joni ishq lashkari hujumidan majruh – mubtalo ko‘ngilga qalqon bo‘lgan jismi marhamli momiqlarning ko‘pligidan darveshlar xirqasiga, ishq o‘qining mo‘ljaliga aylangan ko‘ngli esa qafas ichra tutqun qushga o‘xshab qolibdi. Oriflar sultoni Junayd Bag‘dodiy ogohdil darveshlarning yamoqli xirqasini butun koinotni qamrab oluvchi Osmonga, yamoqlarini esa oy va yulduzlarga o‘xshatgan ekan. Negaki bunday xirqaning ichida surat yuzidan olami sug‘ro (kichik olam, mikrokosm), ma’no yuzidan olami kubro (katta olam, makrokosm) pinhondir. Buyuk Muhabbat ma’vosi bo‘lgan jon ham ma’no yuzasidan olami kubrodir, negaki mohiyatlar mohiyati, Borliq javhari – Ishqni o‘zida sig‘dira olgan ko‘ngil boshqa o‘tkinchi havoyu havaslar ortidan uchmay, shu dard bilan sukun va qaror topadi. Beshinchi baytda muhabbatning qamrovi yanada kengayib, osmonga qadar yuksaladi. Yerdagi holatni o‘z jismu joniga qiyoslagan solik Quyoshga nazar solib, uning harorati va ziyosida Quyoshlar Quyoshiga o‘xshash holatni ko‘rib, ko‘z yoshi to‘kadi. Odatda quyoshga nazar solgan har qanday kishining ko‘zi yoshlanadi, ammo shoir shunda ham shoirona tashbeh, oshiqona holatni payqab, ajoyib lutf bilan tasavvurni yangi ufqlar sari yo‘naltiradi. Baytdagi “musofir oy” va Quyosh tanosubi “Nasoyim ul-muhabbat”dagi Shayx Abu Ali Daqqoq haqidagi bir hikoyatni esga soladi: “Derlarki, oxir umrida oncha dard ustodg‘a mustavliy bo‘lub (g‘alaba qilgan) erdikim, har kun oqshom qarin tomg‘a chiqar erdi va kunas (quyosh) sari boqib aytur erdi: Ey mulk sargardoni, bu kun nechuk erding va nechuk o‘tkarding, hech yerda bu hadisning anduhginig‘a (ishq g‘amining mubtalosiga) partav (nur, ziyo) soldingmu va hech yerda bu ishning zeru zabar bo‘lg‘anlaridin xabar oldingmu? Bu nav’ so‘zlar aytur erdi, to kunas botar erdi”.
Ma’nolar miqyosi baytdan baytga tadrijiy tarzda kengayib, teranlashib, o‘quvchidan yanada daqiqlik bilan fikrlashga undaydi. Jumladan, navbatdagi oltinchi baytdagi “g‘am barqi” va “mehnat tuni”, “tutun” va “sharar” so‘zlarida shoirona taxayyul orifona tafakkur bilan omuxtalashib, sharhi yuzlab falsafiy kitoblarga sig‘maydigan ma’nolar ko‘ngil fikrati orqali ruh ozig‘iga aylanish imkonini yaratadi. Barq – irfoniy manbalarda hidoyat topgan bandaning Parvardigor qurbatidan nishona beruvchi chaqin, solik yo‘lini bir lahza munavvar etuvchi hidoyat nuri, deya ta’riflangan. “Mirsod ul-ibod”da yozilishicha, “dastlabki hollarda nurlar barq, yashin, chaqin shaklida paydo bo‘lur. Ko‘ngil qancha sayqallansa, nurlar ham kuchayib, ko‘payaveradi”. Imom G‘azzoliy aytganidek, “kishi o‘zi ma’rifat qilgan narsanigina yaxshi ko‘ra oladi, bilmagan narsa doim xavotir va qo‘rquvga soladi”. Olovdan gohida uchqun, gohida tutun chiqqani kabi, Ishq tufayli ko‘ngilda gohida hidoyat nurlari chaqindek yoritishi, gohida mashaqqat va mehnat kechasidek zulmatiston bo‘lishi tabiiy, deydi Navoiy. Ammo bu Ishq kimga, nimaga qaratilgan? Kim nimaga tayanib, nimaga muhabbat qo‘yib yashaydi? Hamma ham ilohiylikka talpinadimi? Tabiiyki, yo‘q. Kimdir dunyoga oshiq, kimdir Dunyo Egasiga. Shu sabab, shoir yettinchi baytda dunyotalablarni ilon qo‘riqlab turgan xazinani ko‘rmasdan, ilon ovi bilan vaqti chog‘ bo‘lgan kimsaga o‘xshatadi. Tamsil Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy masnaviy”sidagi bir hikoyatni esga soladi. “Masnaviy”ning uchinchi daftarida keltirilishicha, bir ilon ovchisi qish payti sovuqda mudrab, qattiq uyquga ketgan bir ajdarhoni tog‘dan tutib, Bag‘dodga olib keladi. Odamlar arqondagi bahaybat ajdarhoni ko‘rib, ovchining jasoratiga ofarinlar aytishadi. Har kuni bu ajdarho tomoshasiga turli tomonlardan odamlar kela boshlashadi. Tush yaqinlashib, quyosh taftidan ajdarho uyg‘onadi va ovchini ham, tomoshatalab odamlarni ham yutib yuboradi… Qo‘lga kiritilgan mol-dunyo ham o‘z mohiyatiga ko‘ra, Rumiy tavsiflagan ajdarhoga o‘xshaydi. Bir kunmas-bir kun bu ajdarho albatta junbushga kelib, ovchini ham, bunga rag‘bat bildirgan odamlarni ham o‘z komiga tortishi muqarrar… Shu sababli, faqr yo‘lini ixtiyor etgan odamlargina ruhiy poklanish orqali aslida ajdarhodek bo‘lgan dunyoni ko‘zlariga yasangan kelinchakdek jilvalantiradigan nafsi ammora ofatidan omon qolishadi.
Keyingi baytda Hazrat Navoiy mumtoz adabiyotdagi an’anaviy timsollar – gul va bulbul tazodiga murojaat qiladi. Bulbulning o‘z jinsiga emas, balki gulga maftunligi adabiyotda ko‘proq nafsoniy muhabbatdan ustun bo‘lgan ruhiyat oshiqligining ifodasi sifatida xizmat qiladi. “Ajoyib ul-maxluqot” kitobida keltirilishicha, bulbul g‘unchaning ochilishiga mushtoq bo‘lib, tonggacha sayrab, tongga yaqin – gulning ochilishi paytida uxlab qolarkan. Ko‘z ochganida ochilgan gulni ko‘rib, bu sirning mohiyatiga yetmagan bulbulning iztirobi yanada osharkan. Ma’rifatning asosi – Mutlaq Haqiqatni to‘liq anglash imkoni yo‘qligini idrok etish ekanligini o‘z jonida kechirgan orif shoir o‘z ruhiyatidagi evrilishni gulga oshiq bo‘lgan bulbulga o‘xshatadi va shu tariqa eng murakkab ruhiy kechinmani shoirona ta’bir bilan ifoda etishga erishadi.
Olimjon Davlatov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Manba
O‘zA