Demagil ko‘yini benomu nishonlarg‘a maloz
Kim, erur tojdehu mulksitonlarg‘a maloz.
Ochsalar la’li mayi shavqi bila mayxona,
Sohati bo‘lg‘ay alam daf’ig‘a jonlarg‘a maloz.
El yog‘indin panah istar kibi ko‘yung yodi
Vodiyi furqat aro ashkfishonlarg‘a maloz.
Dayr piri qulidurmenkim, aning dargohi
Yaxshilarg‘a panoh o‘ldiyu yomonlarg‘a maloz.
Habbazo, ishqki kiryosi fazosidur aning
Barcha bemanzilu ma’vovu makonlarg‘a maloz.
Kir fano mulkiga forig‘ki, erur ul kishvar
Ohi so‘zonlar ila ashki ravonlarg‘a maloz.
Shohi G‘oziy eshigin Tengri base tutsunkim,
Notavonlarg‘a panoh o‘ldiyu xonlarg‘a maloz.
Lug‘at
1. Ko‘y – katta yo‘l; ko‘cha, mahalla; maj.: Yor manzili.
2. Maloz –muqaddas dargoh; boshpana.
3. Tojdeh – shohlar shohi, podshohlarga toj bag‘ishlovchi.
4. Mulksiton – jahongir.
5. Sohat – maydon, sahn.
6. Furqat – judolik, firoq.
7. Ashkfishon – ko‘z yoshi to‘kuvchi.
8. Dayr piri – zardushtiylik dini peshvosi; mayxona egasi; maj.: komil inson.
9. Habbazo – qanday yaxshi! Ofarin! – ma’nosidagi nido.
10. Kiryos – ostona, uyning kirish joyi.
11. Forig‘ – xotirjam.
12. Ma’vo – maskan, yashash joyi.
13. Kishvar – o‘lka, mamlakat.
14. So‘zon – yondiruvchi, o‘tli.
15. Ashki ravon – ko‘z yoshi oqib turuvchi kimsa.
16. Shohi G‘oziy – Sulton Husayn Boyqaroning laqabi.
17. Notavon – bechora.
G‘azalning vazni
Fo’ilotun fa’ilotun fa’ilotun fa’ilonRamali musammani maxbuni maqsur
Baytlarning nasriy bayoni
1. Yorning ko‘yini nom-nishonsiz, bechora kishilarga boshpana dema, uning ko‘yi shohlarga toj bag‘ishlovchi va yetti iqlimni o‘z tasarrufiga olgan muqtadir zotlarning makonidir.
2. Uning la’ldek jilolanib turuvchi mayining shavqida agar mayxona eshigini ochsalar, bu mayxonaning sahni g‘am-alamni ketkizuvchi boshpanaga aylanadi.
3. Odamlar yomg‘irdan panoh istagani kabi, hijron vodiysida ko‘zyosh to‘kuvchilarga sening ko‘ying yodi panohgohga aylanar.
4. Men dayr pirining quliman, negaki uning dargohi yaxshilarga ham, yomonlarga ham boshpanadir.
5. Muhabbatga ofarinlar bo‘lsin, uning ostonasi barcha manzilsiz, uy-joysiz va bevatanlarga boshpana bo‘ldi.
6. Fano mulkiga barcha tashvishlardan forig‘ bo‘lib, xotirjam kir, negaki bu diyor ko‘nglidan o‘tli ohlar chiqaruvchi hamda ko‘z yoshi tinmas oshiqlarga boshpanadir.
7. Shoh Husayn Boyqaroning dargohini Allohning o‘zi asrasin, negaki bu dargoh bechora-notavon kishilarga panoh manzili, xonlarning boshpanasidir.
G‘azalning umumiy ma’no-mohiyati
Xazon bilmas “Guliston”da keltirilishicha, Shayx Sa’diy Sheroziy Dimishq jome masjidida e’tikofda o‘tirgan vaqtda hukmdorlardan biri u kishining ziyoratiga kelib, aytadi:
– Kuchli bir dushman mamlakatimga xavf solmoqda, menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsating.
Shayx Sa’diy buyuradilar:
– Bechora raiyatingga mehribon bo‘lsang, kuchli dushmanlaringdan qutulasan.
Darhaqiqat, har qanday davlatning kuch-qudrati, uning osoyishtaligi va barqarorligi unda adolat tamoyiliga og‘ishmay amal qilinishiga chambarchas bog‘liq. Aks holda, mazlumlarning ohi har qanday mustabid podshohning saltanatini qulatishi muqarrar. Haq yo‘lidagi benomu nishonlar – duosi mustajob bo‘luvchi darveshlar o‘z mohiyatiga ko‘ra, sultonlarga toj beruvchi, jahongirlarga nusrat bag‘ishlovchi zotlar hisoblanadi. Alloh taolo eng avvalo bechoralar va miskinlarga rahmat nazari bilan qarashi ularni “tojdehu mulksiton” qilishi tabiiy. Baytning ikkinchi ma’nosi bevosita tasavvufning maslagiga bog‘liq. Negaki, ilohiy dargohga vosil bo‘lganlar – o‘z ehtiyojini faqat Allohdan so‘rab, undangina madad so‘raydiganlar aslida ma’no olamining podshohi, ko‘ngillar mulkining sohibqironidirlar. Navoiy shon-shuhratga intilmagan, bandasiga arzi ehtiyoj etmagan, o‘zining ojiz banda ekanligini jondan his etganlarning maqomini yuksak baholab, ularni haqiqiy obro‘-e’tibor va izzat sohibi sifatida ta’riflaydi.
Ikkinchi baytdagi “may” va “mayxona” ham irfoniy talqinni talab qiladi. “May”dan murod – ilohiy ma’rifat, ishq g‘alabasi; “mayxona” komillikka erishgan orifning ko‘nglini anglatadi. Shuningdek, Haqiqiy Mahbub ishqiga giriftor, ilohiy bodadan sarxush, ko‘ngli pok va musaffo bo‘lgan zotlarning Visol yo‘lidagi birgalikdagi jonbozliklari ham mayxona istilohi orqali ifodalanadi. Demak, ilohiy ma’rifat toliblari agar ishq talabida Piri komil ko‘nglida mavj urayotgan ma’rifat mayxonasiga qadam qo‘ysalar, tabiiyki, ruhiy xotirjamlik, qalb sakinatiga muyassar bo‘ladilar.
Yomg‘ir – Allohning rahmati, tabiatning ne’mati. Ammo odamlar ana shu rahmatdan ko‘pincha qochib, boshpana izlaydilar. Hijron vodiysida ko‘zidan yomg‘irdek ashk to‘kuvchilar uchun Yori azal ko‘yining yodi ana shunday boshpana bo‘ladi. Holbuki, ularning ko‘z yoshi yomg‘iri ham Allohning inoyati. Haq yodida, Haq firoqida ko‘z yoshi to‘kishning o‘zi – ilohiy rahmat nishona bo‘laturib, eng mehribon va rahmli Zot huzuriga musharraf bo‘lish uchun bir bosqich…
Navoiy yashagan davrda Hirot shahrida dayr – majusiylarning ibodatgohi mavjud bo‘lmagan. Bu tushuncha uning she’riyatida majoz yo‘sinida komil inson, murshid, pir ma’nosida qo‘llaniladi. Zardushtiylik dinida dayr piri – mo‘bad (mag‘upat)ning vazifasi – muqaddas olovning bir maromda yonishini ta’minlash hamda ziyoratchilar uchun muqaddas sanalgan maxsus sharob tayyorlash va taqsimlash bo‘lgan. Irfoniy ma’noda esa, pir – shayx o‘z muridining qalbida yonayotgan Ishq olovi bir zaylda yonib turishini nazorat qilib, ularning qalbini ilohiy ma’rifat sharobi bilan sarmast etadi. Shu sababdan, bunday zotning dargohi yaxshilarga ham, yomonlarga ham boshpana bo‘ladi.
G‘azalning boshidan nom-nishonsizlar, miskin va bechoralar, may shavqida yonayotgan toliblar, hijron vodiysida ko‘z yoshi to‘kuvchilar, yaxshilar va yomonlarga birdek boshpana bo‘layotgan maskan (Yor ko‘yi, mayxona, dayr pirining dargohi) endi o‘z nomi bilan ataladi. Bunday odamlarning makonu ma’vosi – Ishq ostonasi. Aynan Ishq fazosi dunyoviy istak va xohishlar zanjiridan qutulgan majnunsheva kishilar uchun najot ostonasi bo‘ladi. Ammo bu ostona fano bo‘lishlikni talab qiladi. Fano vodiysiga kirishning birinchi sharti – forig‘ bo‘lishdir. Farog‘at – ichki hurlikka erishgan, Ishq zanjiridan boshqa biror kishanga bandi bo‘lmagan kimsalarga nasib etadi. Bunday kishilarning ohi falakni o‘rtab, to‘kkan ashki sahroni daryoga aylantirishga qodir. Buyuk Ishqqa mubtalo kishilarning Dardi ham shunga yarasha olamso‘z bo‘ladi. Navoiy Olamning haqiqiy Podshohining dargohi va bu dargohga panoh istab borganlarni turli obrazlar va istilohlar bilan vasf etganidan so‘ng zohir olamining shohi – Sulton Husayn Boyqaroning saroyi haqida maqta’da so‘z yuritadi. Sulton Husaynning dargohi ham miskinlarga boshpana, podshohlarga najot ostonasi. Shu sababdan, bu dargoh ham obod va ma’mur bo‘lishini Navoiy chin ko‘ngildan istaydi.
Olimjon Davlatov,filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
manbaa O‘zA