Bizning fahrli tariximiz
G‘afur G‘ulomning
ijodiy merosi va yodgorligi
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi “O‘zdavnashr”ning adabiy-badiiy bo‘limi negizida 1957 yilda Adabiyot va san’at nashriyoti, 1964 – 1966 yillarda “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyoti, 1966 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti nomlari bilan faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasining 2002 yil 10 apreldagi 30-sonli buyrug‘iga binoan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, “Yozuvchi” hamda Rangli bosma fabrikasi negizida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi deb nomlandi.
1966 yilda O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom nomini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston davlat matbuot qo‘mitasining 140-sonli buyrug‘i bilan «Toshkent» badiiy adabiyot nashriyotiga «G‘afur G‘ulom nomidagi Badiiy adabiyot nashriyoti» nomi berildi. 2002 yil G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, «Yozuvchi» nashriyotlari hamda Rangli bosma fabrikasi negizida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tashkil etildi.
Islohotlar, Yangilanish va taraqqiyot davri
Mustaqillik yillarida nashriyot faoliyati yangi mazmun va sifat bosqichiga ko‘tarildi. Milliy adabiyot, tarix, ma’naviyat va madaniyatni targ‘ib etishga qaratilgan nashrlar soni va salmog‘i oshib, nashriyot o‘z faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirib bordi. Bosma mahsulotlar dizayni, tahrir sifati va mavzular ko‘lami kengayib, kitobxonlar ehtiyojiga mos nashrlar tayyorlana boshlandi.
Bugungi kunda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or nashriyot tajribasi va boy ijodiy meros uyg‘unligida faoliyat yuritmoqda. An’analar va yangilanishlar o‘zaro uyg‘unlashgan holda, nashriyot milliy madaniyatni rivojlantirish, adabiy merosni asrash va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida izchil ish olib bormoqda.
Nashriyotning yangi
maqomi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2020 yil 16 martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4640-sonli qarori, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2020 yil 24 martdagi 85-P-sonli buyrug‘iga asosan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi davlat korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantirildi.
Kitobxonlikka yo‘naltirilgan yangi islohotlar
2023 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning 2017 yil 12 yanvarda e’lon qilingan «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida» farmoyishi nashriyot va matbaa korxonalari uchun yangi sahifani ochib berdi.
