G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan kitoblar birin-ketin xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan nufuzli kitob tanlovlarida oliy va faxrli o‘rinlarni egallab, mutaxassislar hamda keng kitobxonlar ommasining e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Nashriyot Moskva, Ashg‘abot, Olmaota, Frankfurt kabi shaharlarda hamda Respublikamizda bo‘lgan kitob ko‘rgazmalarida munosib qatnashib turli darajadagi diplomlar bilan taqdirlangan. Jumladan, Alisher Navoiyning “Xamsa” asari va “O‘zbek xalq ertaklari” kitobi Moskva shahrida MDH mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Iskusstvo knigi” III xalqaro tanlovining “Sodrujestvo” nominatsiyasi bo‘yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. Shuningdek, Ashxobod shahrida tashkil etilgan “Oltin asr kitoblari” yarmarkasining diplomi bilan e’tirof etilgan, bir qator boshqa asarlar esa an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi kitobi” Respublika tanlovida diplomlar va rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan munosib baholanmoqda.


