Kitobxon oila

To‘rt yoshli Habiba ulg‘ayayotgan xonadonda kitob ko‘pligidan oyoq bosadigan joyning o‘zi yo‘q. So‘zimning salgina mubolag‘asi bordir-u, ammo iloji topilgan joyga kitoblar taxlab qo‘yilgani rost. Uch xonali uyning bir xonasi poldan shiftgacha, jihozlarning ost va ustlari, eshik va rom yonidagi bo‘sh joy borki, milliy va jahon adabiyoti durdonalari, lug‘atlar, turli davrlarga mansub ensiklopediyalar, o‘quv qo‘llanmalari bilan liq to‘la. Ana shunday kitoblar qurshovida, kitobxonlar oilasida kamol topayotgan jajji nevaralar ham erkin fikrlaydi, so‘zlarini dadil ayta oladi, ertaklar to‘qiydi.

Sizda ham ushbu kitobxon oila egalariga qiziqish tug‘ilgan bo‘lsa, ajabmas. Bu – jurnalist Mahmud Sa’diyning xonadoni. Aytishlaricha, ustoz uylanganida uydagi kitoblarning ko‘pligi mehmonlarni lol qoldirgan ekan.

– Insondagi yaxshi fazilatlar ham, yomon xislatlar ham qonga, naslga bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy. – Demak, ilmga, kitobga muhabbat ham avvalo qondan o‘tadi. Agar qaysi oilada kitobxonlik, kitobga mehr kuchli bo‘lsa, bu o‘sha oilada tug‘ilgan farzandlarda ham shakllanadi.

Ustoz nazdida o‘zini bilgan, o‘zligini anglagan har bir oilada kitobxonlik muhitini yaratish, kitobxonlik ruhi hukmronlik qilishi shart!

– Ota-ona bolani kitob o‘qishga o‘rgatishda dastavval ishni nimadan boshlashi kerak? – deb so‘rayman.

– Bolaga go‘dakligida go‘zal allalar aytilsa, uyda milliy musiqa doim yangrab tursa, yanayam yaxshi, – deydi u. – Keyinchalik bolalarning tili chiqib, esini taniy boshlagach, ertaklar, hikoyatlar, rivoyatlarni ovoz chiqarib, ifodali o‘qib berish zarur. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, xalq og‘zaki ijodi namunalari – termalar, qo‘shiqlar, ertaklar, maqol-matallar, dostonlar har bir xonadonda bo‘lishi kerak va tez-tez ularni o‘qib, ota-ona bolalar bilan tengma-teng suhbatlar o‘tkazib turishi lozim. Bularning hammasi kitobxonlik muhitini yaratadi.

Demak, bolalarga yoshligidan doston va she’rlar yodlatish yaxshi samara beradi. Bola ularni hali yaxshi tushunavermas, ammo ulg‘ayib borgach xotirasidagi bitiklar mohiyatini anglab yetadi. Ulug‘ ajdodlarimiz – tarixiy shaxslar haqida ham vaqti-vaqti bilan tushunarli qilib gapirib berish bolani milliy qadriyatlar, Vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Har bir xonadonda oila kutubxonasi (albatta, ular ko‘rgazma uchun emas) bo‘lishi shart. Unda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, tarixiy asarlar, mumtoz va hozirgi zamon adiblarining asarlari, turli lug‘atlar, qomuslar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xalqning, millatning o‘zligini anglashida xalq og‘zaki ijodi namunalarining ahamiyati tengsizdir.

– Mening birinchi o‘qituvchim – otam Xoliqul Sa’din o‘g‘li Buxoroda madrasani tugatib kelib, qishlog‘imizda bolalarni o‘qitgan, – deya hayotida kitoblarning o‘rni naqadar buyuk ekanligi haqida so‘z yuritadi ustoz. – Uyimizda bir sandiq kitob bo‘lardi. Ba’zan kechqurunlari qishloqdoshlar yig‘ilishar, otam kitob o‘qib berganda ayrimlari ta’sirlanib, yig‘lab o‘tirardi…

Mahmud Oltio‘g‘il qishlog‘idagi kutubxonaga qatnab, dastlab kichik-kichik kitoblarni o‘qirdi. Elliginchi yillarning boshlarida, IV sinfni tamomlayotgan paytida Oybekning «Navoiy» romanini o‘qish uchun qo‘liga olgan edi, kutubxonachi: «Bu kitob senga hali og‘irlik qiladi», dedi. O‘quvchisini yaxshi bilgan adabiyot muallimi Xo‘jayor Nazarov esa Mahmudning yonini olib, unga kitob mutolaasiga ruxsat berdi.

– Qiziq, o‘sha paytlari odamlar orasida yosh bola katta kitob o‘qisa, miyasi suyulib qolarmish, degan gaplar yurardi, – deydi suhbatdoshim. – Kutubxonachi balki ana shu mish-mishlarga ishonganidan menga e’tiroz bildirgandir… Xullas, men «Navoiy» romanini o‘qib chiqdim va bu asar menga juda qattiq ta’sir qildi.

Mirkarim Osimning «O‘tror» qissasi va «Navoiy» romani yosh Mahmud qalbiga o‘chmas yog‘du taratdi. Sinchiklab o‘qish natijasida romanning ko‘p sahifalari yod bo‘lib ketdi. Mutolaa zavqi bir umrga qalbda o‘chmas iz qoldirdi. Kunlar, oylar, yillar o‘tgani sari Mahmudning shaxsiy kutubxonasida kitoblar soni ortib borardi. Uning o‘quvchilik paytidayoq mo‘’jazgina kutubxonasi bor edi. Hozirgi kunda ustoz kutubxonasi tobora boyib, kitoblar soni 30-35 mingtaga yetgan. Bu inson qayerga bormasin, kitob sotib olishga harakat qiladi. Farzandlaridan ham qanday kitob olib kelganini so‘rash odatiga aylangan. Kitoblarni sekingina sirli tarzda sizlarga bu kitobni o‘qish mumkin emas, deya berkitib qo‘yishi otaning yosh farzandlarda kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida qo‘llagan o‘ziga xos usulidir. Bugungi kunda farzandlari jamiyatimizga foyda keltirayotgan insonlar bo‘lib ulg‘aydi. Temur huquqshunos, Jamshid dizayner, Jaloliddin jurnalist, Muslima esa sharqshunos-tarixchi bo‘lib yetishdi…

Ustozni kitobsiz yurgan holda uchratish qiyin. Adib Omon Muxtor aytganidek, ko‘cha-ko‘ymi, hattoki biron to‘y yoki marosimmi, kitob qo‘ltiqlab kelgan kishini ko‘rsangiz, bilingki, bu – Mahmud Sa’diy. Kitob bu inson vujudining «ajralmas bo‘lagi»ga aylanib ketgan. Yoki yana bir yozuvchi ta’rificha, har kuni ovqatlanmasligi mumkin, lekin albatta kitob sotib oladi… Shundan bo‘lsa kerak, ustozning dunyoqarashi daryoday keng, fikr-mulohazalari chuqur, zilol suvday tiniq va teran.

– Munisaga xitoy tilidan biron narsa tarjima qil-chi, desam binoyidek tarjima qilipti, – dedi suhbatlarimizning birida ustoz. Ochig‘i, ularning keliniga bo‘lgan bunday munosabatini ko‘rib to‘lqinlanib ketasan kishi. Faqat, oilada emas, balki jamiyat o‘rtasida ilm-ma’rifatni, kitobxonlikni targ‘ib qilish, odamlarni saodatga chorlash uning qon-qoniga singib ketgan.

– Xalqimiz mamlakatimizni dunyoning taraqqiy etgan davlatlari qatorida ko‘rishni istaydi, – deydi suhbatdoshim. – Buning uchun yoshlar ma’rifatli, bilimli, ma’naviy olami boy bo‘lishi shart. Bolada, o‘smirda kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirishning usullaridan biri, takror bo‘lsa-da, aytaman, avvalo, ota-ona kitob o‘qishi, oilada kitobxonlik muhiti bo‘lishi kerak. Ota-ona bordi-yu nobop, o‘qishni emas, maishatni yaxshi ko‘rsa, u holda mas’uliyat bolalar bog‘chasi, maktab zimmasiga tushadi. Demak, tarbiyachilarning, o‘qituvchilarning o‘zlari kitobni sevadigan bo‘lishi lozim. Oliy maktab talabada kitob mutolaasi ko‘nikmasini tarbiyalashi kerak. Boshqacha aytganda, oila, bog‘cha, maktab qilmagan ishni ham oliy maktab bajarishiga to‘g‘ri keladi…

Farzandlarimiz faqatgina xalqimizning emas, balki jahon xalqlari tarixini ham bilmog‘i lozim. Tarbiyaviy-axloqiy mavzulardagi kitoblarni o‘qish inson kamolotida muhim o‘rin tutadi. Asrlar osha saralanib kelayotgan dunyo adabiyotining nodir asarlarini mutolaa qilish insonga ruhiy ozuqa beradi, estetik zavq bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi xalqimiz orasida kitobxonlikni targ‘ib etishga xizmat qilayotir. Unda ko‘tarilgan masalalar umr mazmunini kitoblar orqali anglagan Mahmud Sa’diydek ziyoli, ma’rifatli, kitobsevar insonlar ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Zero, ma’rifatli insongina o‘zini anglab yashashga qodirdir.

Muallif: Mohigul Qosimova, O‘zA