5 Обзор(s) | Добавить отзыв

Kitobxonlarga sifatli, saviyasi baland kitoblarni chop etish G‘afur G‘ulom nashriyotining bosh maqsadidir. Bir zamonlar jurnallarda chop etilgan asarlarni o‘sha nashr nomi bilan, masalan, “Sharq yulduzi” kutubxonasi rukni ostida nashr etilar edi. O‘sha an’anani G‘afur G‘ulom nashriyoti yana yo‘lga qo‘ydi. Jurnallarda, gazetalarda chop etilgan eng sara asarlarni to‘plab kitob holiga keltirib, nashrdan chiqardi.

“Kitob dunyosi” gazetasi kutubxonasida jahon adabiyoti hikoyalaridan tarkib topgan “Ochiq derazalar”, “Yurakning bir parchasi”, “Jahon adabiyoti” jurnali kutubxonasida Gabriel Garsiya MARKESning “Buzrukning kuzi”, Knut Hamsun “Ochlik” romanlari, “Sharq yulduzi” jurnali kutubxonasida Abduqayum Yo‘ldoshevning “Daryo”, Kengesboy Karimovning “Ulug‘ dasht bo‘rilari”, “Yoshlik” jurnali kutubxonasida jahon adabiyoti hikoyalaridan tuzilgan “Oq sukunat” va Ali Niyozning “Taqdir qo‘ng‘irog‘i” nomli qissalari o‘rin olgan jami sakkiz nomda sakkizta kitob bosmadan chiqdi.

Keyingi paytlarda turfa nomalarda, turfa kitoblar chop etilayotir. Bu albatta quvonarli holat. Kitob qancha ko‘p bo‘lsa, o‘quvchilar tanlash imkoniyati shuncha yaxshilanadi. Lekin, taassufki, oldi-qochdi kitoblar ham kishini biroz tashvishga soladi. Endigina o‘qishni boshlagan o‘quvchiga kimdir, qanaqa kitobni o‘qishni tavsiya qilmasa chalg‘ib qolishi bor gap. Shu va shunga o‘xshash bir qancha mulohazalarni o‘ylab ijodiy uyimiz faqat ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qiladaigan, hayot, ota-ona, do‘stlik, Vatan haqida, umuman toza tuyg‘ularni tarannum etguvchi kitoblar chop etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Mazkur sakkiz nomdan iborat kitob ham o‘sha ulug‘ ishlarning ilk qadamlaridir. Ushbu seriya yana davom etadi.

Xulosa o‘rnida aytmoqchimizki, har kim o‘z sohasi bilan jamiyatga, xalqqa xizmat qiladi. Ushbu kitoblar ham avvalo, o‘quvchilarga, qolaversa manaviyatimizga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishiga ishonamiz…